Jamiyat tarixi
«Xalqaro Hamkorlik Markazi» AJ tashkil etilishining tarixi mustaqil O‘zbekistonning shakllanish bosqichlari bilan uzviy bog‘liqdir. 1991-yilda respublika mustaqilligi e’lon qilinganidan so‘ng davlat oldida mustaqil iqtisodiy siyosatni shakllantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuv kabi ustuvor vazifalar turdi. Ushbu maqsadlarni amalga oshirish esa xalqaro standartlarga javob beradigan, prinsipial jihatdan yangi hamda yuqori texnologiyali ishbilarmonlik infratuzilmasini yaratishni talab qilar edi.
Toshkent shahrida Amir Temur shoh ko‘chasi bo‘ylab ko‘p tarmoqli ijtimoiy-ishbilarmonlik makonining barpo etilishi ushbu da’vatlarga munosib javob bo‘ldi. 1995-yildan 2000-yilgacha bo‘lgan davrda bu yerda Xalqaro savdo-ko‘rgazma majmuasi qad rostladi. Xalqaro Hamkorlik Markazi esa ushbu majmuaning asosiy elementiga va poytaxt yangi arxitekturasining ramziga aylandi. Olib borilgan izchil ishlar natijasida, 1996-yilda O‘zbekistonning Xalqaro ko‘rgazmalar byurosiga a’zo bo‘lishi ushbu davrning muhim tarixiy voqeasiga aylandi va mamlakatning global iqtisodiy jarayonlarga integratsiyalashuvini mustahkamladi.
2000-yilning aprel oyi Xalqaro Hamkorlik Markazining tarixida muhim tarixiy bosqich bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 20-apreldagi 156-sonli qarori bilan Xalqaro cavdo – kurgazma kompleksining biznes - markazi binosidan foydalanish masalalari belgilab berildi.
Ushbu qaror ijrosini ta’minlash doirasida, 2000-yil 19-iyunda Davlat mulkini boshqarish davlat qo‘mitasi tomonidan 36-p-sonli buyruq chiqarildi. O‘sha yilning 20-iyunida esa aksiyadorlik jamiyatini tashkil etishga asos bo‘lgan Ta’sis shartnomasi imzolandi. Yangi tuzilma oldiga majmuaning samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash, davlat mulkini saqlash va yuqori darajadagi servis xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha strategik vazifalar qo‘yildi.
Faoliyatining ilk kunlaridanoq Xalqaro Hamkorlik Markazi shunchaki tijorat ko‘chmas mulki obyekti sifatida cheklanib qolmay, balki tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga xizmat qiluvchi nufuzli platforma sifatida e’tirof etildi.
Xalqaro Hamkorlik Markazining noyob konsepsiyasi diplomatik vakolatxonalarni, xorijiy kompaniyalar, korporatsiyalar hamda Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi kabi dunyoning yetakchi moliya institutlarini yagona markazda birlashtirish imkonini berdi.
Hozirgi kunda «Xalqaro Hamkorlik Markazi» AJ ushbu strategik infratuzilmani muvaffaqiyatli boshqargan holda, majmua faoliyatini yuqori darajada ta’minlash va zamonaviy xizmatlarni joriy etish orqali xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga munosib hissa qo‘shmoqda.
